IO'tgan asrda suvdan foydalanishning hajmi Jahon aholi sonining o'sishiga nisbatan ikki barobar oshganligi - bu masalaning, ya'ni ichimlik suvi muammosining o'ta jiddiyligini bildiradi. Chunki, kuchli raqobatli dunyoda, ya'ni - ko'proq sifatli mahsulot ishlab chiqarish maqsadida, albatta, tabiat in'om etgan eng oliy bebaho ne'matlardan biri bu - zilol suvlardan oqilona foydalanish, ularni ifloslantirmaslik masalalari - yangi asrimizning eng dolzarb muammolaridan biri hisoblanadi. "Suv -hayot manbai" degan ibratli naql bor. Suv manbalarini turli ifloslanishlardan asrab- avaylash, ulardan oqilona foydalanish har bir komil insonning burchidir.
22 mart kuni Birlashgan millatlar tashkiloti tomonidan Butun Jahon suv kuni deb elon qilingan. Shu munosabat bilan, Tabiatni muhofaza qilish bo'yicha O'zbekiston Respublikasi davlat qo'mitasi har yili shu sanada "Butun Jahon suv kuni" ga bag'ishlangan tadbirlarni amalga oshiradi va ularni o'tkazishdan asosiy maqsad -Jahon jamoatchiligining e'tiborini suv muammosiga jalb qilishdan iboratdir. Xususan, Axborot xizmati tomonidan tashkil etilgan Matbuot anjumani ham mazkur tadbirlar sarasiga kiradi.
Respublikamizda suv resurslarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish borasida ko'pgina ishlar amalga oshirilmoqda. Misol uchun, O'zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo'mitasi tomonidan, 2002 yildan boshlab shu kunga qadar, mamlakatimiz hududidan oqib o'tuvchi 8 ta daryolarni (Qashqadaryo, Zarafshon, Chirchiq, Surxondaryo, Norin, Qoradaryo, Amudaryo va Sirdaryo) suvni muhofaza qilish mintaqalari va qirg'oqbo'yi polosalarini belgilash ishlari amalga oshirildi va ular bo'yicha Vazirlar Mahkamasining tegishli 8 ta qarorlari qabul qilindi. Ushbu daryolarning suvni muhofaza qilish maydonlari jami 155416,5 gektarni, shu jumladan qirg'oqbo'yi polosalari 27900,5 gektarni qilmoqda. Qo'mita tizimining harakatlari bilan, Qashqadaryo, Zarafshon, Chirchiq, Surxondaryo, Norin va Qoradaryo daryolarining suvni muhofaza mintaqasida joylashgan jami 149 ta ekologik potensial xavfli ob'ektlardan 112 tasi shunday mintaqalardan chiqarildi. Olib borilgan ishlar natijasida, O'zgidromet xizmati ma'lumotlariga ko'ra, respublika hududidagi asosiy suv havzalaridagi suvning sifati 2006 yilda suvlarni ifloslanish indeksiga ko'ra II- va III- toza hamda o'rta me'yor darajasida ifloslangan suvlar toifasiga to'g'ri kelgan. Buni esa ijobiy natija deb baholash o'rinli bo'ladi.
Yaqindagina amalga oshirilgan ijobiy ishlar misolida Samarqand viloyatidagi "Jomboydon" Ochiq Aksiyadorlik Jamiyatida 2 ta biohovuz qurilganligini keltirish mumkin. Natijada korxonaning 1200 m 3 /sut oqova suvlarini Zarafshon daryosiga oqizilishiga barham berildi.
Jamoatchilikka ma'lumki, Respublikamiz aholisi ichimlik suv ta'minotining 80 foizi yer osti chuchuk suv manbalari hisobiga to'g'ri keladi.. Qolgan 20 foiz aholining ichimlik suv manbai bo'lib asosan daryo va soy suvlari xizmat qiladi.
Mazkur yer osti chuchuk suvlari hosil bo'ladigan mintaqalarni turli ifloslanishlardan hamda yer osti chuchuk suvlarini kamayib ketishidan muhofaza qilish ishlarini kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etadi. Ana shu maqsadda, Qo'mita tomonidan viloyatlar ahamiyatiga ega bo'lgan 8 ta hamda respublika ahamiyatiga ega bo'lgan 11 ta yer osti chuchuk suvlari hosil bo'ladigan hududlarga muhofaza etiladigan tabiiy hudud maqomini berish ishlari nihoyasiga etkazildi. Bu borada 7 ta viloyat hokimining 8 ta qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining 3 ta qarorlari qabul qilindi. Yer osti chuchuk suvlari hosil bo'ladigan hududlarga muhofaza etiladigan tabiiy hudud maqomi berilgan yerlarning umumiy maydoni 407356 gektarni tashkil qilmoqda. Ushbu hududlarda muhofaza ishlari kuchaytirildi hamda ularda Geologiya va mineral resurslar davlat qo'mitasi xodimlari bilan birgalikda muntazam ravishda monitoring kuzatuv ishlari olib borilmoqda.
Yana bir ijobiy ishlar sarasiga, "Ekologiya xabarnomasi" jurnalining ushbu muhim sana "Butunjahon suv kuni"ga bag'ishlangan maxsus sonining nashrdan chiqishidir. Mazkur maxsus son, joriy yilning 6 mart kuni Tabiatni muhofaza qilish bo'yicha O'zbekiston Respublikasi davlat Qo'mitasi va Mirzo Ulug'bek nomli O'zbekiston Milliy Universiteti rahbarlari tomonidan o'zaro hamkorlik haqidagi kelishuvni hayotga tadbiq etish bo'yicha faoliyatning ilk qadamidir. Ushbu sonning Butunjahon Suv Kuniga bag'ishlab chiqarilishi ham bejiz emasdir. Chunki, unda Milliy universitet olimlari tomonidan tayyorlangan O'zbekiston yer usti suvlari atlasini yaratish loyihasi haqida so'z yuritiladi.
Ota-bobolarimizning "Nimani qilsang xor - bo'lasan shunga zor" degan hikmatli naqllariga amal qilishimiz, kelgusi avlodlarimizni toza ichimlik suviga zor qilib qo'ymasligimiz lozim, buning uchun barchamiz o'z xizmatimizni, ozgina e'tiborimizni qaratishimiz kerak.
Shuning bilan, bu o'ta muhim bo'lgan ijtimoiy masalani ijobiy hal qilish uchun, shu hududlarda yashovchi aholi o'rtasida ichimlik suvini asrash va muhofaza qilish yuzasidan tushuntirish ishlarini yanada kuchaytirishimiz, hamda eng asosiysi - ushbu masalada keng jamoatchilikning rolini yanada oshirishimiz zarur. |